-
Нет Отзывов
-
В избранные
Nukusga kelgan sayyoh, tabiiyki, eng avvalo “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur bo‘lgan I.V. Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyiga yo‘l oladi. Bu noyob maskan, haqiqatan ham, rus va Turkiston avangard san’atining bebaho durdonalarini o‘zida jamlagan. Ushbu kolleksiyaning zamirida nafaqat san’atga bo‘lgan muhabbat, balki kolleksionerning jasorati va XX asrning butun bir madaniy dramasi mujassam.
Savitskiy muzeyi yaqinida, atigi bir necha daqiqalik yurish masofasida, yana bir muhim muzey — Qoraqalpog‘iston tarixi va madaniyati davlat muzeyi joylashgan. O‘rta Osiyodagi eng qadimiy muzeylardan biri bo‘lmish bu muzey 1929-yilda asos solingan va dastlab To‘rtko‘ldagi o‘lkashunoslarning kichik ko‘rgazmasi sifatida faoliyat boshlagan. Bugungi kunda muzey kolleksiyasi 80 mingdan ortiq eksponatni o‘z ichiga oladi. Ular orasida zargarlik buyumlari, amaliy san’at asarlari, arxeologik topilmalar, shuningdek, rangtasvir asarlari va tabiiy ashyolar mavjud.
Bir qarashda bu oddiy o‘lkashunoslik muzeyidek tuyuladi: tarix, madaniyat, tabiat, etnografiya — barchasi o‘z o‘rnida, tartibda. Ammo aynan shu sodda ko‘rinishda uning beqiyos jozibasi yashiringan. Zallar ozoda va orasta, vitrinalar esa toza, nurafshon. Har bir eksponatga g‘amxo‘rlik va ehtirom bilan yondashilganini darhol sezish mumkin. Balki, bu go‘shada yetishmayotgan yagona narsa — gid yoki ekskursovod yordamisiz kelgan mehmonlar uchun har bir bo‘lim mazmunini ochib beruvchi lo‘nda, lekin boy tushuntirishlardir. Shunday izohlar bor joyda, har bir eksponat o‘z hikoyasini so‘zlab bera olardi — jimjitlik ichra tovushsiz gapirardi.
Yo‘nalish Orolbo‘yi hayvonot dunyosini o‘rganishdan boshlanadi. Bu yerda qadimgi hayvonlar va o‘simliklarning toshga aylangan qoldiqlari, shuningdek, Orolbo‘yida yashagan noyob va allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan qushlar hamda hayvonlarning mumiyolangan namunalari namoyish etilgan.
Keyingi boʻlim — qadimiyat qa’riga sho‘ng‘ish. Navbatdagi zal sizni 1937-yildan 1991-yilgacha davom etgan keng ko‘lamli Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi natijalariga chorlaydi. Bu yerda qadimiy Xorazm shahar-qo‘rg‘onlaridan topilgan artefaktlar, maketlar va tarixni jonlantiruvchi eksponatlar namoyish etilgan. Har bir buyum — o‘tmishdan yetib kelgan sokin guvoh, har bir maket — ming yillik tarixning ko‘zgu kabidir.
Uning asoschisi va rahbari mashhur sovet arxeologi va etnografi Sergey Pavlovich Tolstov edi. U Xorazmni “O‘rta Osiyo Misri” deb atab, butun umrini uni o‘rganishga bag‘ishlagan. Mana, u taniqli o‘zbek arxeologi Yahyo G‘ulomovich G‘ulomov bilan birga rasmda tasvirlangan. Aytgancha, aynan shu ekspeditsiya bir paytlar qazishmalarni hujjatlashtirish uchun xizmat safariga yuborilgan rassom Igor Savitskiyni Qoraqalpog‘istonga olib kelgan edi. Shunday qilib, buyuk kolleksiyaning tarixi boshlanib ketdi.
Eng yorqin zal etnografik zal hisoblanadi. U, shubhasiz, katta taassurot qoldiradi. Bu yerda qadimiy kiyimlar, zargarlik buyumlari, qurol-yarog‘lar va sovutlar, musiqa asboblari mavjud. Ayniqsa, ot anjomlarini namoyish etish usuli e’tiborga loyiqdir: vitrina o‘rniga metall simlardan yasalgan tabiiy o‘lchamdagi ot shakli o‘rnatilgan. Unga an’anaviy jihozlar — yugan, egar va bezaklar kiydirilgan. Ko‘rinishi oddiy, ammo juda ko‘rgazmali: eksponatlar shunchaki muzey vitrinasining bir qismi bo‘lib qolmay, balki jonli manzaraning ajralmas qismiga aylanadi.
Marshrutni Qoraqalpog‘istonning zamonaviy tarixidagi asosiy voqealarga bag‘ishlangan zal yakunlaydi. Bu yerda XX asrda respublika qanday shakllanganini kuzatish imkonini beruvchi hujjatlar, suratlar va yaqin o‘tmishga oid narsalar joylashgan.
Ko‘rgazmani qoraqalpoq rassomlarining doston va rivoyatlardan ilhom olib yaratgan asarlari to‘ldiradi. Birinchi qavatda an’anaviy o‘tov ham mavjud — mintaqaning madaniy kodiga sayohatingizni yakunlash uchun uning ichiga kirib ko‘ring.
Nukusdagi Bazarbay Serekeyev uy-muzeyi
Nukus mehmonlarining noyob imkoniyati bor — qoraqalpoq tasviriy san’atining tirik merosiga bevosita qo‘l tekkizish va mintaqaning eng yirik rassomlaridan biri Bazarbay Serekeyevning uy-muzeyini ziyorat qilish. Muzey shahar chekkasidagi mahallada joylashgan — bu joy tinch, ko‘chadan deyarli sezilmaydi. Ammo eshik qo‘ng‘irog‘ini bosishingiz bilanoq, sizga nur, bo‘yoqlar va ona yurtga bo‘lgan chin muhabbat bilan to‘lib-toshgan olamning eshiklari ochiladi.
Bazarbay Serekeyev O‘zbekistonning xizmat ko‘rsatgan rassomi bo‘lib, uning asarlari Toshkent muzeylarida, Nukusdagi Savitskiy muzeyi to‘plamida, shuningdek Yevropa, Osiyo va Afrika sanat galereyalarida saqlanmoqda. Uning ijodi oddiy xalq hayotini, Qoraqalpog‘iston tabiatini, kundalik turmush manzaralarini aks ettiradi va ularda doimo milliy ruh sezilib turadi.
Uy-muzeyning birinchi qavati galereyaga ajratilgan. Bu yerda sizni rassom ijodining so‘nggi davr asarlari kutib oladi: u asta-sekin naturadagi aniqlikdan yanada dadil va ifodali uslubga o‘tgan. Kartinalar erkin va jonli energiya bilan to‘lib, yirik hamda yorqin bo‘yoq surtmalari bilan yaratilgan.
Markaziy Osiyoda asrlar davomida qimiz, ayron yoki suv saqlash uchun qo‘llanilgan an’anaviy idish — rassom tomonidan bezatilgan qovoq-bo‘g‘iz idishlari alohida e’tiborni tortadi. Serekeyev ularni g‘aroyib tasviriy san’at asarlariga aylantiradi. Bu uslubni keyinchalik uning o‘g‘li, neoekspressionizm yo‘nalishida ijod qiluvchi rassom Baxtiyor Serekeyev o‘zlashtiradi va yanada rivojlantiradi.
Ikkinchi zaldagi portretlar diqqatni darhol o‘ziga tortadi. Rassomning mahorati bilan yaratilgan bu asarlarda insonlarning xarakteri, milliy xususiyatlari va qahramonlarning ichki qudrati dadillik va aniqlik bilan aks ettirilgan.
Ko‘zga tashlanmaydigan eshik ortida kichkina “xazina” yashiringan — bu asosiy ko‘rgazmaga kiritilmagan asarlar saqlanadigan javondir.
Eng shaxsiy makon — rassomning ikkinchi qavatdagi ustaxonasi. Bu yerda hamma narsa 2017-yilda, Bozorboy Serekeyev olamdan o‘tganidan keyin qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlanib qolgan. Devorlarda turli yillarda yaratilgan asarlar tartibsiz holda osilib turibdi. Stol ustida mo‘yqalamlar, palitralar yotibdi, xonaning markazida esa molbert joylashgan. Nazarda, hoziroq eshik ochilib, rassom o‘z ishini davom ettirish uchun kirib kelayotgandek tuyuladi.
Ichki hovlida qoraqalpoqlarning an’anaviy o‘tovi joylashgan. Agar siz muzeyga ekskursiya bilan tashrif buyursangiz, sizga o‘tov ichiga kirib ko‘rishni va hatto milliy taomdan tatib ko‘rishni taklif etishadi. Bu shunchaki yoqimli qo‘shimcha emas — bu umumiy muhitning bir qismi bo‘lib, unda tasviriy san’at, turmush tarzi va an’analar yagona jonli hikoyaga uyg‘unlashadi.